“Blue Peace Matkaziy Osiyo” tashabbusi suv resurslarini boshqarish bo‘yicha hamkorligini mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida Shveytsariya tomonidan moliyashtirilayotkan “Blue Peace Markaziy Osiyo” (BPCA) loyihasining keyingi bosqichini ishga tushirishga tayyorgarlik doirasida mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston milliy delegatsiyalarining 100 dan ortiq vakili, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, ekspertlar hamda davlat hamkorlari ishtirok etdi.
Seminar loyihaning amalga oshirayotgan konsorsium – Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI), Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (CAREC) tomonidan tashkil etildi.
Seminar ishtirokchilari Shveytsariya tomonidan 2010-yilda ilgari surilgan “Blue Peace” tashabbusini Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida suv resurslari sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim vosita sifatida e’tirof etdilar. 2017-yildan boshlab Markaziy Osiyo dunyodagi BPCA faoliyat yuritayotgan uchta mintaqadan biri bo‘lib, bu yerda “suv” diplomatiyasini, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga hamda suv resurslari sohasida yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga ko‘maklashmoqda. Masalan, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi gidropost qo‘shma suv resurslarini monitoring qilish va boshqarishni mustahkamlashga, ishonchni rivojlantirishga hamda mintaqada barqaror suvdan foydalanishni ilgari surishga bo‘lgan intilishni namoyon etmoqda.
“Suv resurslari sohasidagi hamkorlik – Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishning kalitidir. “Blue Peace Markaziy Osiyo” tashabbusi mintaqada muloqotni rivojlantirish, qo‘shma yechimlarni ilgari surish va suv resurslarini boshqarishni mustahkamlashga ko‘maklashmoqda. Shveytsariya ushbu tashabbusni ko‘p yillardan beri qo‘llab-quvvatlab kelayotganidan faxrlanadi va u Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda jamoalari uchun amaliy foyda keltirishida davom etishga ishonadi”, – qayd etdi Andrin Fink, Shveytsariyaning Toshkent shahridagi elchixonasi missiyasi rahbari o‘rinbosari.
Seminar davomida asosiy e’tibor kelgusi besh yil davomida tashabbusni amalga oshirish jarayonida tegishli mahalliy, milliy va mintaqaviy manfaatdor tomonlarning ishtirokida qo‘shma rejalashtirishga qaratildi. Loyihaning ishga tushirilishi 2025-yil may oyiga belgilangan. Ishtirokchilar mintaqaviy suv hamkorligini mustahkamlash uchun suv diplomatiyasi va muloqot sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qildilar. Xususan, suv sifati, iqlim o‘zgarishiga moslashish, ekotizimlarning barqarorligi, raqamlashtirish, ma’lumotlarni boshqarish hamda yoshlar va ayollarning faol shtirokiga alohida e’tibor qaratildi.
“Iqlim o‘zgarishiga moslashish kompleks yondashuvni talab qiladi, ayniqsa ekologik barqarorlikka bevosita bog‘liq bo‘lgan suv sektori uchun. Yaxshilangan suv resurslarini boshqarish strategiyalari Markaziy Osiyo davlatlariga nafaqat iqlimiy muammolarni yengib o‘tishda, balki uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlashda ham yordam beradi. Seminar esa bu yo‘nalishda muhim qadam bo‘lib, ekspertlar va davlat vakillarini qo‘shma muloqot uchun birlashtirdi”, – deya ta’kidladi Mariya Lindelin, IUCNning suv resurslarini boshqarish bo‘yicha katta xodimi.
“Suv” diplomatiyasi va mintaqaviy suv hamkorligi Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mintaqadagi suv resurslariga ortib borayotgan bosimni inobatga olgan holda, samarali davlatlararo hamkorlik adolatli taqsimotni ta’minlash va suv resurslarini oqilona boshqarish bo‘yicha ishonchli strategiyalarni ishlab chiqishga imkon beradi.
“Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar uchun umumiy manfaatlarni aniqlash – suv resurslari sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashning kalitidir. Ilmiy asoslangan yechimlarni topish zarur, chunki aynan ular suv resurslarini samarali boshqarish va ularni adolatli taqsimlash imkonini beradi. Taraqqiyotga yo‘naltirilgan tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi va Markaziy Osiyoda 20 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) ushbu loyihani amalga oshirishda asosiy rol o‘ynaydi hamda mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi.” – deya ta’kidladi Doktor Barbara Yanush-Pavletta, IWMIning Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi vakili.
BPCA tashabbusining sakkiz yillik tajribasiga tayanib, loyihaning yangi bosqichi Markaziy Osiyoda suv masalalari bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashda davom etadi, konstruktiv muloqot va innovatsion yechimlar uchun platforma yaratadi. Birgalikdagi sa’y-harakatlar va yangi bilimlar mamlakatlarga uzoq muddatli barqaror rivojlanishni ta’minlashga va mintaqa aholisining farovonligini yaxshilashga yordam beradi.