Valyuta kurslari 11/07/2025
$1 – 12634.34
UZS – -0,15%
€1 – 14821.34
UZS – -0,01%
₽1 – 162.37
UZS – 0,3%
Qidirish
O‘zbekiston 12/07/2025 BIMT va Oʻzbekiston oʻrtasida IP arbitraj va vositachilik sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi

BIMT va Oʻzbekiston oʻrtasida IP arbitraj va vositachilik sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon Intellektual Mulk Tashkiloti (BIMT) a’zo davlatlar Bosh assambleyasining 66-sessiyasi doirasida adliya vaziri A. Tashkulov va BIMT Bosh direktori janob D. Tang o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda janob D. Tangning may oyida O‘zbekistonga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan hamkorlik tashabbuslari muhokama qilindi. Jumladan, 2027 – 2030-yillarga mo‘ljallangan yangi Milliy intellektual mulk strategiyasini ishlab chiqish, istiqbolli geografik ko‘rsatkichlarni aniqlash, ularni xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish va targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, joriy yilning sentyabr – oktabr oylarida “Tadbirkor ayollarni o‘qitish, murabbiylik qilish va hamkorlarni tanlash” dasturi loyihasining yakunlovchi bosqichini o‘tkazish masalasi muhokama qilindi. Ushbu muhim tadbirni Toshkent yoki Samarqand shaharlarida tashkil etish taklif etildi.

2024-yil 3-sentabrdan 2025-yil 31-yanvargacha davom etgan BIMTning “Tadbirkor ayollarni o‘qitish, murabbiylik qilish va hamkorlarni tanlash” onlayn dasturida o‘zbekistonlik tadbirkor ayollarning ishtiroki ta’minlandi.

Shu bilan birga, adliya vaziri BIMT bosh direktoriga barcha hamkorlik yo‘nalishlarida ko‘rsatilayotgan doimiy ko‘mak uchun minnatdorchilik bildirdi hamda O‘zbekistonning geografik ko‘rsatkichlarini keng targ‘ib qilish maqsadida 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan Bosh assambleya yig‘ilishi doirasida BIMT binosida maxsus ko‘rgazma tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Uchrashuv doirasida muhim hujjat – BIMTning Arbitraj va Mediatsiya markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Mazkur memorandum intellektual mulk sohasidagi nizolarni xalqaro standartlar asosida, muqobil nizolarni hal etish vositalaridan foydalangan holda hal etishga, shuningdek, mahalliy mediatorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan.

Uchrashuv BIMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim qadam bo‘ldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling