Valyuta kurslari 01/07/2025
$1 – 12694.97
UZS – 0,32%
€1 – 14878.50
UZS – 0,41%
₽1 – 161.60
UZS – 0,26%
Qidirish
O‘zbekiston 01/07/2025 Avtomashina lizingi orqali jinoyat yo‘lida pul yig‘gan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Avtomashina lizingi orqali jinoyat yo‘lida pul yig‘gan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan Toshkent shahri va bir qator hududlarda soxta avtolizing kompaniyalari tashkil qilgan shaxslar guruhiga nisbatan yirik miqyosdagi firibgarlik ishlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu shaxslar (suratda aks etganlar) ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarni jalb etish maqsadida Umid avto companies, Umid Savdo Fayz Invest, Umid Avto Lizing, Orient Auto, Ilgor Lizing, Avto Ijara Hizmati kabi nomlar bilan masʼuliyati cheklangan jamiyatlar tashkil qilgan.

Bu kompaniyalar fuqarolarga 6–12 foizli past stavkalarda avtomashina xarid qilishni taklif etib, ular bilan oldindan (avans asosida) shartnomalar tuzgan. Biroq shartnomalarda ko‘rsatilgan 120 kun ichida mashinalarni yetkazib berish vaʼdasi bajarilmagan.

Tergov natijalariga ko‘ra, mijozlardan olingan pullar tashkilotchilar tomonidan o‘zlashtirilgani aniqlangan. Jami 843 nafar fuqaro jabr ko‘rgan bo‘lib, ularga yetkazilgan moddiy zarar miqdori 50,1 milliard so‘mni tashkil etgan.

Tergov doirasida mazkur kompaniyalar nomida bo‘lgan 339 ta transport vositasi tegishli tartibda hujjatlashtirildi. 9 nafar shaxsga nisbatan ayblov eʼlon qilindi va ularga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish belgilab qo‘yildi.

Jinoyat ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashurov boshchiligida Maxsus operativ shtab tashkil etildi. Shtab har kuni soat 09:00 dan 21:00 gacha IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti binosida faoliyat yuritadi.

Fuqarolardan yuqoridagi shaxslar tomonidan sodir etilgan noqonuniy harakatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar bo‘yicha shtabga murojaat qilish so‘ralmoqda. Shuningdek, ushbu sxemalardan jabrlanganlar ham murojaat etishlari mumkin.

Manzil: Toshkent shahri, Taras Shevchenko ko‘chasi, 62-uy Telefon: (71) 256-79-39

Qisqa raqam: 102

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling