Avaza shahrida parlamentlararo hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turkmanistonning Avaza shahrida o‘tkazilayotgan BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiya doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Ozarbayjon Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova va Turkmaniston Mejlisi Raisi Dunyogo‘zal Gulmanova bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, ko‘p tomonlama aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida Xiva shahrida o‘tkazilgan Birinchi O‘zbekiston–Ozarbayjon parlamentlararo forumi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda samarali tajriba almashuv maydoniga aylangani taʼkidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan bunday forumlar ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston–Turkmaniston parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyati izchil va samarali davom etayotgani eʼtirof etildi. Uchrashuvda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish, jumladan, parlamentlararo komissiya doirasida mahalliy hokimiyat vakillarining ishtiroki orqali aloqalarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Muloqot davomida Markaziy Osiyoda parlamentlararo forumlarni muntazam o‘tkazish, chegaradosh hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish, delegatsiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.