Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Air Products” kompaniyasi va AQSh elchixonasi Qarshi shahrida eng zamonaviy “Makerspace” tashkil etish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolaganini faxr bilan e’lon qiladi. 26-noyabr, seshanba kuni AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik va “Air Products” kompaniyasining Markaziy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Vatslav Harant ushbu yangi davlat-xususiy sheriklik loyihasini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan memorandumni rasman imzoladilar. Mazkur hamkorlik ta’lim infratuzilmasini yaxshilash va yosh iste’dodlarni tarbiyalashni ko‘zda tutadi.
Ushbu “Makerspace” ochilishi Qarshidagi yoshlarning fan, texnologiya, muhandislik, san’at va matematika (STEAM) bo‘yicha malakalarini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Unda o‘quvchi va talabalarga yangi bilim olishlari hamda foydali, amaliy tajribaga ega bo‘lishlari uchun yaxshi jihozlangan muhit yaratiladi.
“Air Products”ning sanoat loyihalari, jumladan Qarshi shahridagi “Uzbekistan GTL” kompaniyasiga kiritgan asosiy sarmoyasi muhim iqtisodiy va texnologik hissa bo‘lib xizmat qiladi. Qarshidagi “Makerspace” uchun kiritilgan sarmoya esa “Air Products” kompaniyasining jamiyat rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash haqidagi qarashlarini yaqqol o‘zida ifodalaydi. “Air Products”ning O‘zbekistondagi eng muhim manzili bo‘lgan Qarshi shahri nafaqat bozor uchun ko‘proq malakali mutaxassislarni tayyorlashga yordam beradi, balki ularning sanoat-gaz sektoridagi ish imkoniyatlari haqidagi xabardorligini oshiradi hamda mehnat bozoriga ishonch va muvaffaqiyat bilan kirish imkonini beradi.
AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik memorandumni imzolash chog‘ida shunday dedi: “Biz “Air Products Uzbekistan” kompaniyasi bilan ushbu loyiha bo‘yicha hamkorlik qilishdan mamnunmiz. “Makerspace” o‘zbekistonlik yoshlarga jahon iqtisodiyotida muvaffaqiyat qozonishlari uchun zarur bo‘lgan ta’lim va vositalarni taqdim etadi hamda mamlakatlarimiz aholisi o‘rtasida mustahkam aloqalarni o‘rnatadi”.
Qarshidagi “Makerspace” Yangi O‘zbekistonning strategik qarashlariga mos keladi, u bilimga asoslangan iqtisodiy imkoniyatlar yaratish, iqtidorli yoshlar o‘rtasida innovatsiyalar, ijodkorlik va texnik ko‘nikmalarni rag‘batlantirish, ularning jadal o‘sib borayotgan texnologiya sohasida rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadlariga hissa qo‘shadi.
“Air Products” kompaniyasining Markaziy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Vatslav Harant shunday dedi: “Biz O‘zbekistondagi iqtidorli yoshlarning kelajakdagi muvaffaqiyatlariga bevosita sarmoya kiritib, ushbu tashabbusni boshlaganimizdan xursandmiz. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimizning dastlabki natijalarini ko‘rishni intiqlik bilan kutamiz”.
“Makespace” hamkorlikda ijod qilish, o‘rganish, tadqiqot olib borish va bo‘lishish uchun maydonga aylanadi. U bolalar, kattalar va tadbirkorlar uchun ochiq hamda turli uskunalar, jumladan, 3D printerlar, lazerli kesgichlar, kompyuterlar va boshqalarga ega bo‘ladi. U yangi narsalar o‘rganish va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalariga ega bo‘lishda yordam beradi, ishtirokchilar unda elektronika, 3D-dizayn va modellashtirish, kodlash, robototexnika va hatto yog‘ochga ishlov berishni o‘rganadilar. O‘qituvchilar va xodimlar o‘quvchilarni yangi vazifalarga yo‘naltirishlari mumkin; shuningdek, unda individual va guruh loyihalari uchun ochiq soatlar bo‘ladi. Qarshidagi “Makerspace” 2024/2025-yil qishda ochilishi kutilmoqda.
O‘zbekistondagi “American Spaces” u yerda tashrif buyuruvchilarga dasturlar va ma’ruzalar, shuningdek, kitoblar, filmlar va jurnallar orqali Amerika Qo‘shma Shtatlari haqida ma’lumot olish va bog‘lanishday mehmondo‘st muhitni taqdim etadi. Ular 140 dan ortiq mamlakatdagi universitetlar, kutubxonalar, elchixonalar va boshqa jamoat joylaridagi 600 dan ortiq “American Spaces” yirik tarmog‘ining bir qismi bo‘ladi. AQSh elchixonasi hozirda O‘zbekistondagi uchta “American Spaces”ni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ularda Qo‘shma Shtatlarda o‘qishni xohlovchilar uchun ta’lim bo‘yicha bepul maslahatlar, ingliz tili o‘rganish suhbat klublari va yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha 21-asrning raqamli ko‘nikmalari va akademik resurslar taqdim etiladi. “American Spaces”, shuningdek, tadbirkorlik, volontyorlik, yetakchilik va boshqalar bo‘yicha seminarlar taklif qiladi.
AQSh elchixonasi yoshlarni ta’lim va martaba imkoniyatlariga tayyorlashda “Air Products” kabi xususiy korporatsiyalar bilan hamkorlik qilishdan mamnundir. “Air Products” ko‘magida ishtirokchilar 21-asrda zarur sanalgan ish ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar va yangi texnologiyalar bilan tanishadilar.