Valyuta kurslari 19/03/2025
$1 – 12935.68
UZS – -0,06%
€1 – 14164.57
UZS – 0,4%
₽1 – 158.80
UZS – 3,32%
Qidirish
Iqtisod 18/03/2025 Aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida

Aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — So‘nggi yillarda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari sohasida qamrov darajasini oshirish va shu tariqa aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, so‘ngi sakkiz yilda sohani yaxshilashga 27,5 trillion so‘m (byudjetdan – 16,5 trln so‘m, XMIdan - 1 mlrd. doll.) ajratildi.

Ushbu mablag‘lar hisobiga 3 627 ta inshootlar va 40,6 ming km ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurildi.

Natijada, 789ta mahalladagi 4,9 million aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlanib, yana 11,5 million aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi. Shuningdek, 1,1 million aholi oqova suv tizimlariga ulandi.

Buning evaziga ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 63 foizdan 80,9 foizga, oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasi 17,2 foizdan 20,5 foizga yetkazildi.

Xususan, yirik loyihalardan:

“To‘palang” suv ombori manbalari hisobiga ichimlik suv  taʼminotini yaxshilash” loyihasi doirasida 1,4 trln so‘m hisobiga 147 km tarmoq tortilib, Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on tumanlarida istiqomat qiluvchi 141 ming nafar aholining ichimlik suvi taʼminoti va sifati tubdan yaxshilandi.

“Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga Jizzax viloyatini ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash” loyihasi doirasida Do‘stlik, Paxtakor, Mirzacho‘l tumanlari va Jizzax shahridagi 286 ming nafar aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi.

“Oqsuv-Dehqonobod” loyihasini amalga oshirilishi natijasida, Dehqonobod tumanda yashovchi 76 ming nafar  aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanib, tumaning taʼminlanish darjasi 1,8 foizdan, 51,7 foizga ko‘tarildi.

“Toshkent viloyati shahar va tumanlarining ichimlik suv tizimlarini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida Qibray, Toshkent va Zangiota tumanlarida aholisining ichimlik suv taʼminotini yaxshilash bo‘yicha “Qodirya” suv inshooti  rekonstruksiya qilindi.  Natijada hududdagi 8 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlanib, 265 ming nafar aholining ichimlik suv taʼminotini yaxshilandi.

“Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlarini ichimlik suvi bilan taʼminlash” loyihasi doirasida Olot tumanidagi 104 ming nafar hamda Qorako‘l tumanidagi 171 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlanib, taʼminlanganlik darajasi Olot tumanida 98,5 foizga va  Qorako‘l tumani 97,4 foizga yetkazildi.

Shuningdek, suv taʼminoti korxonalarining o‘z mablag‘lari hisobidan  suv inshootlari, magistral suv tarmoqlari, mahalla va ko‘cha boshlariga 4,5 ming ta zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatildi.

- 945 ta maxsus texnikalar joriy va mukammal taʼmirlanib, 1 038 tasiga masofadan kuzatish imkonini beruvchi GPS qurilmalari o‘rnatildi.

- Isteʼmolchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini va shaffofligini oshirish maqsadida, ichimlik va oqova suv xizmatlarini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan “Uzwater” yagona billing tizimi ishga tushirildi.

Yangi billing tizimi orqali hisob-kitoblarning xaqqoniyligi va shaffofligi taʼminlandi. (oldingi davrlarda 5 xil billing yuritilgan)

Ushbu billing tizimi barcha zarur maʼlumotlar bazalari (Kadastr, IIV, Notarial idoralar, Soliq, Markaziy bank, Tijorat banklari, barcha to‘lov tizimlari, Raqobatga qarshi kurashish, Bosh prokuratura, Raqamli Toshkent, davlat reyestridan o‘tgan suv hisoblagichlari ishlab chiqaruvchilari) bilan integratsiya qilingan.

Bundan tashqari, isteʼmolchilar uchun takomillashtirilgan shaxsiy kabinet joriy etilib, u orqali isteʼmolchilar to‘lovlar hisobotini (oylar, yillar) kesimida ko‘rib borishi, shu yerni o‘zida to‘lovni amalga oshirishi va hisoblagichlar maʼlumotlarini kiritishi imkoni yaratildi.

- Obyektlarining geoaxborot bazasini shakllantirish bo‘yicha hududiy suv taʼminoti korxonalari bilan maʼlumotlar almashinuvi sxemasi ishlab chiqildi.

Buning uchun Kadastr agentligidan tegishli litsenziya olindi. Obyektlarining geoaxborot tizimini yaratish va yuritish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib,  hududiy suv taʼminoti korxonalari tomonidan taqdim qilingan nuqtali va chiziqli obyektlar vektor formatidagi yagona geografik qatlamga jamlandi.

Bugungacha, Toshkent viloyatining Chirchiq, Nurafshon va Ohangaron shaharlarida to‘liq, Sirdaryo viloyatining Guliston va Yangiyer shaharlarida qisman geoaxborot tizimlari bazasi yaratildi.

Hozirda bu yo‘nalishda ishlar Namangan va Xorazm viloyatlarida xam boshlangan.

- Tizimlarni rejalashtirilgan ehtiyot ko‘rikdan o‘tkazish, joriy va mukammal taʼmirlash (PPO, PPR) dasturlari reglamentini raqamlashtirish bo‘yicha ishlar boshlandi.

Bugungacha, Respublikadagi 38 ta yirik suv inshootlari raqamlashtirildi.

- Xalqaro ISO-45001:2018 (Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlikni boshqarish tizimi) va ISO-14001:2015 (Atrof-muhitni boshqarish tizimi) sertifikatlari olindi.

- Suv sifati va xavfsizligi monitoringi uchun “WATER LAB” axborot tizimi joriy etilib, testdan o‘tmoqda. Bunda respublika bo‘ylab ichimlik suv sifatini nazorat qilish imkoniyati sezilarli darajada kengaytiriladi. Buning uchun mavjud laboratoriyalar to‘liq raqamlashtirilib, hisobotlari elektron tarzda yuritiladi.

- Toshkent shahridagi suv taʼminoti tizimining masofaviy obyektlari uchun monitoring va dispetcherlik boshqaruv tizimi (SCADA) joriy etilgan bo‘lib, ushbu dastur nasos uskunalari belgilangan algoritmlarga muvofiq masofadan boshqarish,  suv inshootlarining taʼminot quvurlaridagi bosim va suv oqimi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni dispetcherlik markaziga uzatish imkoniyatini beradi.

Ushbu dasturiy tizim bugungi kunda qurilish bosqichida bo‘lgan yangi loyihalarda ham nazarda tutilmoqda.

Qodiriya suv tozalash inshooti, Buxoro oqova suv tozalash inshooti hamda Jizzax viloyatining Uzunbuloq suv tozalash inshootlarida SCADA tizimi yulga qo‘yiladi.

Davlatimiz rahbari boshchiligida kuni kecha o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng kelgusida oldimizga bir qator dolzarb vazifalarni belgilab oldik.

Birinchidan, Davlatimiz rahbarining Fransiyaga amalga oshirilgan tarixiy tashrif davomida ichimlik suvi taʼminoti yo‘nalishida erishilgan qo‘shma loyihalar doirasida:

“SUEZ” kompaniyasi bilan, “Surxondaryo viloyatida ichimlik suv taʼminotini yaxshilash” loyihasi ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Loyihaning birinchi bosqichi doirasida Denov, Sariosiyo, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlarida suv taʼminotini yaxshilash bo‘yicha SUEZ kompaniyasi mutaxassislari amaliy ishlarni boshlaydi.

Jumladan, ushbu bosqichda SUEZ kompaniyasi tomonidan qayd etilgan tumanlarda SCADA tizimi joriy etiladi
va  3 500 km tarmoqlarning GIS xaritasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, oqimni nazorat qiluvchi 15 ta uskuna, suv inshootlarga 8 ta yirik va isteʼmolchilarga 3 100 ta hisoblagichlar o‘rnatiladi. Bundan tashqari, 450 nafar mahalliy suv taʼminoti xodimlari SUEZ kompaniyasi tomonidan o‘qitiladi va tarmoqlarni kengaytirish bo‘yicha 2-bosqichda bajariladigan ishlarning texnik-iqtisodiy asosi (TIA) ishlab chiqiladi.

Loyihaning ikkinchi bosqichida ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asos bo‘yicha “Sviss chellendj” (tender) o‘tkazilib, xorijiy hamkor tanlab olinadi va 20 yilga DXSH shartnomasi asosida tarmoqlarni kengaytirish ishlari boshlanadi.

Natijada, ichimlik suv taʼminoti xususiy sherikka to‘liq boshqaruvga berilib, aholining toza suv taʼminlanganlik darajasi 90 foizga yetkaziladi.

Ikkinchidan, 2025 yilda jami 7 trillion so‘m (byudjetdan – 1,1 trln so‘m, XMIdan – 454 mln doll.) mablag‘lar o‘zlashtiriladi.

Buning hisobiga 23 ta ichimlik va oqova suv inshooti, 139 ta suv tarqatish va suv ko‘tarish inshooti, 2 140 km ichimlik va oqova suv tarmoqlari ishga tushirilib, 225 ming ta suv hisoblagichlar o‘rnatiladi.

Natijada, 712 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlanadi va 135 ming xonadon oqova suv tizimiga ulanadi.

Buning evaziga ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasi 82,8 foizga (80,9 foiz), oqova suv xizmatlari bilan taʼminlanganlik darajasi 22,3 foizga (20,5 foiz) yetkaziladi.

Uchinchidan, Sohani raqamlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratganmiz.

Jumladan, Davlat rahbari tomonidan fevral oyida imzolab bergan Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi 125 million dollarlik “Iqlim texnologiyalari orqali suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi doirasida 2025-2029 yillarda quyidagi ishlarni amalga oshiramiz:

• suv inshootlariga 4 838 ta ultratovushli hisoblagich va 2 861 ta masofadan maʼlumot uzatish uskunasi o‘rnatamiz;

• 80 ming km ga yaqin ichimlik va oqova suv tarmoqlari va 12,7 ming ta inshootning geoaxborot tizimini (GIS) joriy qilamiz;

• 15 ta maʼlumotlarni boshqarish markazini (data center) tashkil etamiz.

Bu orqali respublikadayagona situatsion markaz va hududlardamaʼlumotlar markazlari ochiladi, ichimlik suvi aniq hisob-kitobi va avariyalar nazorati to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.

Suvning texnik yo‘qotishlari aniq o‘lchanadi va yo‘qotish darajasi umumiy hisobda 5 foizga qisqartiriladi (28 foizdan
23 foizga).

Biz bu loyihani 2029 yilgacha chuzib utirmaymiz va 2028 yilda tugatishni rejalashtirganmiz.

Shu bilan birga, “Eltexsanoat” uyushmasi bilan hisoblagichlarni ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘paytirish  yuzasidan ishlar olib boriladi.

To‘rtinchidan, Birlashgan Arab Amirliklarining Envirol kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazilib, mamlakatimizda yog‘larni qayta ishlash va undan xo‘jalik mollari ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Kelishuvga ko‘ra, Envirol kompaniyasi tomonidan 50 million dollar investitsiya kiritilishi evaziga Toshkent shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalarida yog‘ tutgich uskunalari o‘rnatiladi va ularda yig‘ilgan chiqindi yog‘lar to‘plangan
holda loyiha doirasida quriladigan yangi qayta ishlash korxonasiga yo‘naltiriladi. Qayta ishlash korxonasida ushbu chiqindi yog‘lardan kir sovun va yoqilg‘i-moylash materiallari ishlab chiqariladi.

Natijada, oqova suv tizimlarining xizmat muddatlari uzayib, inshootlardagi qo‘shimcha yuklamalar bartaraf etiladi va chiqindi yog‘larni qayta ishlash orqali ekologik xavfsiz tizim yaratiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling