Agentlik O‘zbekistonda yengil avtomobillarning rasmiy ishlab chiqaruvchi va dilerlari ro‘yxatini tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik tartibga solish agentligi mamlakatda yengil avtomobillarning ishlab chiqaruvchilari va rasmiy dilerlari ro‘yxatini tasdiqladi.
Agentlikning hukumat portalidagi sahifasida joylashtirilgan mazkur ro‘yxat 18 ta kompaniyani o‘z ichiga oladi. Ulardan oltitasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtomobil ishlab chiqarish bilan shug‘ullansa, qolganlari xorijiy markalarning rasmiy importchilari sifatida faoliyat yuritadi.
Ishlab chiqaruvchilar va rasmiy dilerlar qatorida UzAuto Motors (Chevrolet: Damas, Equinox, Lacetti, Tracker, Traverse), ADM Jizzakh (Haval, Kia, Lada), Asaka Motors International (Hyundai, Shineray), BYD Uzbekistan Factory (BYD), Jizzax avtomobil zavodi (Volkswagen), Samarqand avtomobil zavodi (SAZ), Avtocapital (Mercedes-Benz) kabi yirik kompaniyalar bor.
Ro‘yxatda, shuningdek, premium toifadagi brendlarning rasmiy vakillari ham ko‘rsatilgan. Ular orasida Porsche (Orbis Cars Premium), BMW (Premium Auto), shuningdek, Evolution Motors, E-Go Motors, Evolux Auto, Leapmotor va JAC Auto kabi elektromobil va gibrid avtomobillar bilan shug‘ullanuvchi yangi kompaniyalar ham mavjud.
Texnik tartibga solish agentligi portalining maxsus bo‘limida eʼlon qilingan to‘liq ro‘yxat ommaviy modellardan tortib premium toifadagi avtomobillargacha, shuningdek, elektromobil va gibrid transport vositalarini qamrab olgan.