Abdumalik Xalokov ikkinchi bor jahon chempionligini qo‘lga kiritdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 60 kg vazn toifasida ishtirok etgan Abdumalik Xalokov Liverpulda o‘tayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalga ega bo‘ldi. Finalda o‘zbek sportchisi braziliyalik Luis Oliveyraga qarshi ringga ko‘tarildi.
Jangning dastlabki soniyalaridanoq Oliveyra faol harakat qildi, biroq Xalokov uning hujumlarini aniq qarshi zarbalar bilan muvaffaqiyatli bartaraf etdi. Birinchi raund ishonchli ravishda o‘zbekistonlik bokschi foydasiga 5:0 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi raundda raqiblar bir-birlariga zarbalar berishdi, shundan so‘ng ular ehtiyotkor taktikaga o‘tishdi. Raund o‘rtalarida Xalokov yana ketma-ket samarali zarbalar berdi va yakunda braziliyalik bokschi jarohat olib, jang to‘xtatildi.
Ikki raund yakuniga ko‘ra Abdumalik Xaloqov g‘alaba qozonib, faoliyatida ikkinchi bor jahon chempioni bo‘ldi. Liverpuldagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi hisobida endilikda beshta oltin va uchta bronza medali mavjud.