Abbosbek Fayzullayev “Bashakshexir” jamoasiga o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev rasman Turkiyaning «Istanbul Bashakshexir» klubi aʼzosi bo‘ldi. U Moskvadagi SSKA jamoasidan ushbu klubga o‘tdi.
Uning transferi uchun to‘langan summa 7,5 million yevroni tashkil etdi — bu 21 yoshli futbolchining professional faoliyatidagi eng yirik o‘tish hisoblanadi. SSKA klubi ushbu miqdorni to‘liq ravishda, bir yo‘la qabul qilib olishini tasdiqladi.
2024/25 yilgi mavsumda Fayzullayev armiyachilar safida 27 ta o‘yinda qatnashib, 2 ta gol va 4 ta golli pas muallifi bo‘ldi.
U jamoa bilan birga Rossiya Kubogini qo‘lga kiritdi. Transfermarkt portali maʼlumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor bahosi 8 million yevroga yetgan.
Fayzullayev 2023 yil yozida Toshkentning “Paxtakor” jamoasidan 500 ming yevroga SSKA safiga qo‘shilgan edi. Shunday qilib, Moskva klubi bor-yo‘g‘i bir mavsum ichida o‘z sarmoyasidan 15 baravar daromad oldi.
“Bashakshexir” safida o‘zbekistonlik futbolchi yana bir yurtdoshi — Eldor Shomurodov bilan bir jamoada harakat qiladi. Eslatib o‘tamiz, Shomurodov Turkiya klubi tomonidan Italiyaning “Roma” jamoasidan ijaraga olingan. Endi “Istanbul” klubi safida O‘zbekiston milliy jamoasining ikki nafar aʼzosi to‘p surmoqda.