Valyuta kurslari 11/07/2025
$1 – 12634.34
UZS – -0,15%
€1 – 14821.34
UZS – -0,01%
₽1 – 162.37
UZS – 0,3%
Qidirish
O‘zbekiston 09/07/2025 7 yil davomida yoʻllarga 61 trillion soʻm ajratildi, biroq yoʻl-transport hodisalari jiddiy muammo boʻlib qolmoqda

7 yil davomida yoʻllarga 61 trillion soʻm ajratildi, biroq yoʻl-transport hodisalari jiddiy muammo boʻlib qolmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident raisligida yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Oxirgi 7 yilda bu borada ko‘p ishlar qilingani taʼkidlandi. Yo‘llarni qurish va taʼmirlashga 61 trillion so‘m ajratildi. Bu 2017 yilgacha berilgan mablag‘lardan 3,5 barobar ko‘p.

Onlayn murojaat tizimi ishga tushib, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalariga kelish 50 foizga kamaydi.

Shuningdek, 3 ming 365 nafar YHXX xodimiga elektron planshet va bodikamera olib berildi. Qoidabuzarliklarni sunʼiy intellekt asosida saralash va qaror chiqarish amaliyoti joriy qilindi.

Haydovchilik huquqiga imtihon, yo‘l chiziqlari chizish, texnik ko‘rik kabi 8 ta xizmat tadbirkorlarga autsorsingga berildi.

Shaharlarda jamoat transporti uchun maxsus yo‘laklar tashkil qilindi.

O‘tgan oyda ham haydovchilarga qator yengilliklar berildi.

Birinchi bor huquqbuzarlik qilganlarni jazolash emas, ogohlantirish yo‘lga qo‘yildi.

Yo‘l chiziqlarini bosish holatlarini kamera orqali fiksatsiya qilish bekor qilindi.

Jamoat transporti uchun mo‘ljallangan tasmalarda kechqurun boshqa haydovchilar ham yurishiga ruxsat berildi.

Shaharlarda yo‘llarni kunduzi taʼmirlash taqiqlandi.

Radar bor joyda yo‘l belgisini o‘rnatish majburiy bo‘ldi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligini qayd etdi.

Mamlakatimizda yo‘l-transport hodisalari oqibatidagi zarar yalpi ichki mahsulotga nisbatan o‘rtacha 0,4 foizni tashkil qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tgan yili 9 ming 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ushbu mudhish hodisalarda qariyb 9 ming fuqaro jarohat olgan.

Eng achinarlisi, avariyalar tufayli 2 ming 203 nafar odam halok bo‘lgan. Eng ko‘p o‘lim holatlari Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida.

Joriy yilning olti oyida 20 ta hududda avariyalar soni yuqoriligicha qolmoqda.

Og‘ir oqibatli avariyalar keskin kamaygan tumanlar ko‘p. Mo‘ynoq, Nukus, Taxtako‘pir, Qonliko‘l, Yangiobod, To‘raqo‘rg‘on, Oqqo‘rg‘on, Sayxunobod, Buloqboshi, Ulug‘nor, Bandixon tumanlari va Ohangaron, Shirin, Nurafshon, Xonobod shaharlarida vaziyat yaxshilanib, birorta o‘lim bo‘lmadi.

Lekin Qiziltepa, Uychi, Paxtachi, Chust, Toyloq, Urgut, Shovot, Pastdarg‘om, Yakkabog‘, Qo‘shko‘pir, Xonqa, Denov, Peshku, Beruniy, Olmazor, Bektemir tumanlarida teskari vaziyat.

Soha uchun masʼullarga bizda har 100 ming aholiga o‘lim bilan bog‘liq avariyalar soni Hamdo‘stlik davlatlari ichida eng pastligi xotirjamlikka berilish uchun sabab emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Afsuski, har to‘rtinchi avariyada 1 kishi yoki kuniga o‘rtacha 6 kishi vafot etayotgani barchani qattiq tashvishga solishi kerak”, - dedi Prezident.

Qayerda hokim va YHXX birgalikda yo‘l infratuzilmasi bilan jiddiy shug‘ullansa, o‘sha yerda o‘zgarish kuzatilayotgani qayd etildi.

Misol uchun, Chustdan o‘tgan D-105 Farg‘ona halqa yo‘lining 6 kilometriga muhofaza to‘siqlari o‘rnatilgani uchun bu yil o‘lim bilan bog‘liq avariya bo‘lmadi (ilgari bu yo‘lda yiliga 10 nafar odam vafot etardi).

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, xalqaro va davlat ahamiyatidagi yo‘llar holati o‘rganildi.

1 ming 557 kilometr yo‘llarda beton va temir to‘siqlar, 967 kilometr trotuar, 38 mingta yo‘l belgisi yetishmasligi aniqlandi.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz yo‘l infratuzilmasini yaxshilash orqali avariyalarni kamaytirish bo‘yicha “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi boshlanishini eʼlon qildi.

“Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi doirasida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil qilinib, Hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.

Har bir viloyatda jamg‘armaning alohida filiallari bo‘ladi.

Bu yil jamg‘armaga barcha manbalar hisobidan 400 milliard so‘m tushishi prognoz qilingan.

Bunga qo‘shimcha, foto-video radardan byudjetga tushadigan jarimaning 25 foizi ham jamg‘arma va uning filiallariga yo‘naltiriladi.

YHXX tizimidagi yo‘l belgilari va svetofor o‘rnatish, yo‘l chiziqlarini chizishga masʼul korxonalar ham viloyatga o‘tkaziladi.

Jamg‘armaning faoliyati shaffof bo‘ladi, unga viloyat YHXB va yo‘l boshqarmasi boshliqlari, jamoatchilik vakillari kiradi.

Bundan buyon ushbu jamg‘arma mablag‘lari birinchi galda avariya o‘choqlari bo‘lgan xavfli uchastkalarni tartibga solishga yo‘naltiriladi (yo‘lni ajratuvchi to‘siqlar, yo‘l belgilari, yoritgichlar o‘rnatish, piyoda yo‘laklari tashkil qilish, chorrahalarni raqamlashtirish).

Eng muammoli uchastkalarni aholi va jamoatchilik fikrini o‘rganish asosida aniqlash maqsadida alohida elektron portalni ishga tushirish topshirildi.

Tuman hokimlari, ichki ishlar rahbarlari ushbu portalga qayerga belgi, chiziq, piyoda yo‘lagi va svetofor kerakligi haqidagi maʼlumotni smeta bilan ochiq joylashtiradi.

Aholi ham ushbu ro‘yxatni to‘ldirishi, loyihalarga ovoz berishi mumkin bo‘ladi. Portalga qilingan ishlarning video va fotosuratlari qo‘yiladi, buni aholi baholaydi.

Jamg‘arma mablag‘ini shakllantirishda barcha viloyat va tumanlarning imkoniyati bir xil emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, jamg‘armaga mablag‘larni loyihalarni moliyalashtirish uchun viloyat va tumanlarga taqsimlash vakolati beriladi.

Ichki yo‘llarni tartibga olish uchun viloyat va tuman hokimlari masʼul bo‘ladi.

Respublika va xalqaro yo‘llarda 1 ming 200 dan ortiq qayrilib olish joyi bo‘lsa, shundan faqatgina 146 tasida yer osti va yer ustidan qayrilib olish yo‘llari bor, 10 mingdan ziyod piyoda o‘tish joylarining atigi 154 tasi yer osti va usti orqali tashkil etilgan.

Shu bois 1 oktyabrga qadar Toshkent – Samarqand – Termiz, Toshkent – vodiy, Samarqand – Buxoro yo‘nalishidagi xalqaro yo‘llarning xavfsizlik talablariga mosligi o‘rganiladi.

Yil yakunigacha qancha yer osti va yer usti qayrilish hamda piyodalar o‘tish joylari, zamonaviy nur qaytaruvchi yo‘l belgilari va chiziqlari kerakligi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqiladi.

Kelgusi yilda xalqaro moliya tashkilotlaridan mablag‘ jalb qilish prognoziga bu maqsadlar uchun 200 million dollar kiritiladi.

Mamlakatimizda jamoat transporti tizimi aholini rozi qiladigan darajada yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Shaharlararo avtobuslar grafik bo‘yicha emas, balki yo‘lovchilari 40-50 kishi bo‘lib to‘lganda yurishga o‘rgangan. Chunki tadbirkorlarga shaharlararo jamoat transportida zararni kompensatsiya qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan. Subsidiya faqat shahar atrofidagi avtobuslar uchun bor.

Prezident endilikda o‘rta va uzoq masofaga qatnaydigan jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishini aytdi.

Buning uchun Toshkent shahri va viloyatlararo qatnov bo‘yicha alohida yondashuv bo‘ladi.

Poytaxtga kuniga 1 million odam tashrif buyursa, shundan 275 ming nafari Toshkent viloyatidan keladi.

Shu bois poytaxt jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tib, Toshkent viloyatining barcha tutash hududlarini qamrab oladi.

Buning uchun, Toshkent xalqa yo‘ligacha kelayotgan 20 ta avtobus yo‘nalishi 15-20 kilometrga uzaytiriladi, yana yangi 6 ta marshrut qo‘shiladi. Bu Toshkent viloyati aholisi uchun katta qulaylik bo‘ladi.

“Marshrutlar uzaysa, kutish vaqti ko‘payadi”, deb aholi xavotirga tushmasin. Sentyabrgacha poytaxtga 200 ta, keyingi yili yana 1 mingta avtobus olib kelamiz”, - dedi davlatimiz rahbari.

Yangi tizimni poytaxt va Toshkent viloyati uchun 1 sentyabrdan, yirik shaharlarda esa kelasi yili 1 yanvardan joriy qilish topshirildi.

Shaharlar va viloyatlararo jamoat transporti qatnovlarini jonlantirish zarurligi taʼkidlandi.

Bu yo‘nalishdagi avtobus va mikroavtobuslar uchun yo‘lovchi boshiga subsidiya beriladi.

Avtobuslar uchun utilizatsiya yig‘imidan imtiyoz yana uch yilga uzaytiriladi va mikroavtobuslarga ham joriy qilinadi.

Turistik avtobus va mikroavtobuslar uchun bojxona bojidan imtiyoz uch yil davomida jamoat transporti uchun ham qo‘llanadi.

Bunda, tadbirkorlarga 2 ta shart qo‘yiladi – harakat grafigiga qatʼiy amal qilish hamda elektron to‘lov tizimiga o‘tib, tushumlarni shaffof ko‘rsatib borish.

Jamoat transportini qulay va xavfsiz qilish bo‘yicha hududlarda yaxshi innovatsion tajribalar boshlangan.

Masalan, Toshkent shahrida 200 kilometr yo‘l, 4 ta ko‘prikni taʼmirlash uchun Xitoydan 300 million dollar investitsiya jalb qilinmoqda.

Shuningdek, poytaxtdagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida “Intellektual transport” axborot tizimi ishga tushadi.

Ushbu tizimga Toshkent shahridagi 700 dan ziyod chorraha va ulardagi barcha svetofor, foto va videokuzatuv moslamalari ulanadi.

Transport oqimiga qarab svetoforlarni masofadan boshqarish hisobiga tirbandliklar 25-30 foizga kamayishi mumkin.

Prezidentimiz yana bir masalaga eʼtibor qaratdi.

Ayrim vazirlik va idoralar, hokimliklarning maʼmuriy binosi joylashgan ko‘chalar yopib qo‘yilganidan, shusiz ham tirband ko‘chalarda ularning xodimlari yo‘lni 2-3 qatorini “parkovka” qilib olganidan aholi norozi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 15 ming nafar haydovchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. Poytaxtda ham, yirik shaharlarda ham qonuniy “parkovkalar” yetishmagani uchun ular mashinasini yo‘l bo‘yiga qo‘yishga majburligini bildirgan.

“Umuman, oddiy haydovchilar dardini eshitadigan odam, muloqot platformasi yo‘q”, - dedi Prezident.

Mutasaddilarga barcha tashkilot va mahallalardagi asossiz qo‘yilgan taqiqlovchi belgilarni olib tashlash topshirildi.

Vazirlik va idoralar xodimlari aholiga noqulaylik yaratib, “parkovka” qilib olgan hududlarda foto va video kameralar o‘rnatib, jazo muqarrarligini taʼminlash vazifasi qo‘yildi.

Davlat xizmatchilari jamoat transportida yurish bo‘yicha namuna bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Endilikda Hukumat qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatdan tashqari rahbarlarning xizmat mashinasiga yo‘llarda ustunlik berilmasligi belgilandi.

O‘tgan yilda haydovchilar 24 millionta huquqbuzarlik sodir etgan. Bularning 81 foizi qo‘pol qoidabuzarlikka kiradi. Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida bu surunkali tus olgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda aholi, hatto taniqli shaxslar o‘rtasida “jarimani to‘lab qo‘ydim-ku, xohlaganimdek yuraveraman”, deyish avj olgan.

“Endilikda yo‘llarda haydovchilik madaniyatini oshirish, ashaddiy huquqbuzarlarga qonun kuchini ko‘rsatish maqsadida yangi tizim qilamiz”, – dedi Prezident.

Buning uchun “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi ishga tushiriladi.

Qarama-qarshi harakatlanish, chiroqning qizil rangida o‘tish bir oy ichida 2 marta sodir etilsa yoki tezlik 5 marta oshirilsa – 1 yilgacha jarimadan chegirma berilmaydi.

Bunday huquqbuzarliklar bir oy ichida 10 tadan ko‘p bo‘lsa – 6 oygacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi.

Shuningdek, tezlik uchun jarimalarni qayta ko‘rib chiqib, meʼyordan 2-3 karra tez yurganlarni haydovchilik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

Qoidabuzarlik uchun ayrim YHXBlar oradan 7-8 oy o‘tib jarima qo‘llash qarorini chiqarayotgani bo‘yicha eʼtirozlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.

Endilikda qoidabuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir oyda qarori chiqmasa, haydovchi hech qanday jarima to‘lamasligi belgilandi.

Zamonaviy yo‘llar qurilayotgani, yuqori xavfsizlik moslamalari mavjud mashinalar soni ham kun sayin ko‘payib borayotgani sababli tezlik masalasida yangicha yondashuvlar kerakligi taʼkidlandi.

Ichki ishlar vazirligiga viloyat hokimlari bilan tezlik cheklovlarini qayta ko‘rib chiqsa bo‘ladigan yo‘l uchastkalari ro‘yxatini shakllantirish topshirildi.

Haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha yangi tizim samara berishni boshlagani taʼkidlandi. Yil boshidan staji kam haydovchilarning qoidabuzarligi 15 foizga, og‘ir avariyalar 30 foizga qisqardi.

Lekin piyodalar, ayniqsa yoshlarning madaniyati va yo‘l harakati qoidalari haqidagi bilimlarini oshirish – dolzarb masala.

Masʼul vazirliklarga yangi o‘quv yiligacha maktab va bog‘chalarda harakat xavfsizligi bo‘yicha dasturlarni tubdan yangilash topshirildi.

Maktab o‘quvchilari va mahalladagi yoshlar o‘rtasida “Yashil chiroq” musobaqalari qayta tiklanib, respublika g‘oliblariga Prezident sovg‘asi beriladi.

Yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha sodda video va animatsion kontentlar yaratiladi. Mahallada, turli tadbirlarda yo‘l qoidalariga amal qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Yig‘ilishda hududlar, soha uchun masʼul vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling