Valyuta kurslari 25/11/2024
$1 – 12829.07
UZS – -0,12%
€1 – 13344.80
UZS – -1,21%
₽1 – 124.91
UZS – -1,92%
Qidirish
O‘zbekiston 20/11/2024 2025-yil “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili" deb e’lon qilindi

2025-yil “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili" deb e’lon qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2025-yil "Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili" deb e’lon qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zlagan nutqida bugungi kunda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ham sezilayotganini ta’kidladi.

“Havo va suvning ifloslanishi, tuproq eroziyasi, cho‘llanish, qazib olinadigan yoqilg‘idan nazoratsiz foydalanish global isish, tabiiy ofatlarning ko‘payishi, atrof-muhit va aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazmoqda”, — dedi prezident.

Ushbu muammolarga javoban O‘zbekiston uch yil avval “Yashil makon” umummilliy tashabbusini ilgari surdi, shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishdi. Bundan tashqari, Toshkentda iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitni o‘rganishga ixtisoslashgan Markaziy Osiyo universiteti tashkil etildi.

Xalqaro maydonda tashabbuslarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilmoqda: O‘zbekiston BMTning ekologik sohada ikkita asosiy rezolyutsiyasini taklif qildi. Shu bilan birga, "yashil" energiya allaqachon mamlakat iqtisodiy o‘sishining muhim omiliga aylanmoqda.

Prezidentimiz fuqarolarning fikr va takliflarini inobatga olib, 2025-yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilish orqali bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishni taklif etdi. Yig‘ilganlar bu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatladilar.

Hukumat joriy yil uchun ustuvor vazifa sifatida belgilangan eng muhim vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturini ishlab chiqishi kerak.

Bu dasturda “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, yashil maydonlarni keskin ko‘paytirish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal etish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilishi lozim.

Davlatimiz rahbari yangi davr Yangi O‘zbekiston uchun jadal rivojlanish davriga aylanishiga, taraqqiyotning yanada yuksak cho‘qqilarini zabt etishiga ishonch bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil O‘zbekistonda Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilingan edi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling