Valyuta kurslari 02/04/2025
$1 – 12925.20
UZS – -0,09%
€1 – 13982.48
UZS – 0,32%
₽1 – 152.58
UZS – -1,27%
Qidirish
Iqtisod 29/03/2025 10-12 iyun kunlari IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi

10-12 iyun kunlari IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 29-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Yangi O‘zbekiston hayotidagi eng muhim xalqaro darajadagi tadbir – Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov O‘zbekistonning Markaziy Osiyoning jadal rivojlanayotgan sarmoyaviy markazi sifatidagi mavqei mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi. “Oxirgi yetti yil ichida iqtisodiyotimizni erkinlashtirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha katta islohotlar amalga oshirildi”, dedi vazir.

Vazir ta’kidlaganidek, O‘zbekiston so‘nggi yillarda 90 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qildi.

Natijada, faqat o‘tgan yilning o‘zida yalpi ichki mahsulotimiz 6%ga oshdi.

O‘zbekistonda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi.

2030 yilga borib O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 200 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Bu maqsadga erishishda xorijiy investitsiyalar katta rol o‘ynaydi.

Shuning uchun Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi mamlakatimiz uchun muhim platforma bo‘lib, investorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish va O‘zbekistonning investitsiyalar uchun jozibador mamlakat sifatidagi imijini targ‘ib qilishda katta ahamiyat kasb etadi.

Uning tobora ortib borayotgan ahamiyatini tadbir natijalari yaqqol tasdiqlaydi — III Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi 93 ta mamlakatdan 2,5 mingdan ortiq ishtirokchini jamladi. Forum doirasida 26,6 milliard dollarlik kelishuvlar imzolandi.

Jami 2022 yildan boshlab o‘tkazib kelingan 3ta Forum davomida 44 mlrd dollarlik 357ta investitsion kelishuv imzolandi.

Bugungi kunga kelib 57tasi to‘liq amalga oshirildi va foydalanishga topshirildi, 263 tasi bo‘yicha qurilish va loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda.

Loyihalarning eng katta qismi Saudiya Arabistoniga to‘g‘ri keladi. Ular bilan jami 10,7 mlrd dollarlik bitimlar imzolangan. Keyingi o‘rinlarda Xitoy (7 mlrd), Rossiya (5,5 mlrd), BAA (4,6 mlrd), Turkiya (3,6 mlrd), Germaniya (3,4 mlrd), Fransiya (2 mlrd) va boshqa davlatlar turibdi.

“Endi esa, 2025 yil 10–12 iyun kunlari IV Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumini o‘tkazishni mamnuniyat bilan eʼlon qilamiz!”, — dedi ISSV rahbari.

Bu yilgi forumning o‘ziga xos jihati shundaki, uning doirasida ilk bor investitsiya ko‘rgazmasi tashkil qilinadi.

Ko‘rgazmada yirik mahalliy xususiy kompaniyalar xalqaro investorlarga o‘z imkoniyatlarini namoyish etish imkoniga ega bo‘ladilar.

Shuningdek, forum doirasida panel muhokamalari va uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Vazir Laziz Kudratov, shuningdek, Forum doirasida 11-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tishini e’lon qildi.

Vazirga ko‘ra, Majlisda yetakchi xalqaro kompaniyalar va yirik xalqaro moliya institutlari rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Uchrashuvning asosiy maqsadi hukumat va xorijiy investorlar ishtirojida mamlakatdagi investitsiya muhitini yaxshilash istiqbollari va O‘zbekistonning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan va qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yangi tashabbuslar muhokama qilish bo‘ladi.

Forumda 3000 dan ziyod ishtirokchilar: vazirlar, xalqaro moliya institutlari vakillari, siyosatchilar, iqtisodchilar, dunyoning yetakchi korporatsiyalari va investitsiya fondlari top-menejerlari, shuningdek, barqaror rivojlanish, innovatsiyalar va raqamli transformatsiya bo‘yicha ekspertlar kelishlari kutilmoqda.

Vazir barchani ushbu nufuzli tadbirda ishtirok etishga taklif qildi. Shuningdek, savol-javob sessiyasi bo‘lib o‘tdi, unda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan TIIF-2025 oid tafsilotlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling